4- mavzu: Jadval o‘rnatish

Mavzu bayoni

4-AMALIY KO'NIKMA: 

Jadval o‘rnatish

Hujjat yaratishda ma’lumotlarni taqdim etish usulini tanlash muhim oʻringa ega. Ma’lumotni aniq va tushunishga oson shaklda taqdim etish usullaridan biri uni jadval koʻrinishida ifodalashdir. Jadval ma’lumotlarni jamlash va umumiy sarlavha berishning qulay usuli sanaladi.

Jadval yaratish quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. Matn kursori sahifaning jadval yaratiladigan qismiga keltiriladi.
  2. Insert menyusidan Table buyrugʻi tanlanadi.
  3. Paydo boʻlgan menyu boʻlimining yuqori qismida kataklar toʻplami joylashgan boʻladi. Jadvalda ma’lumotlarni joylash uchun qator va ustunlarning kerakli soni hisoblanadi.
  4. Sichqoncha kursori yuqori burchakdagi birinchi katakka olib boriladi. Shu katak atrofida toʻq sariq rangli kontur paydo boʻladi.
  5. Kursor kataklar toʻplami boʻylab oʻng tomonga harakatlantiriladi va jadval uchun kerakli ustunlar soni tanlanadi.
  6. Ustunlarni tanlagandan keyin sichqoncha kursori pastga harakatlanadi va jadval qatorlari soni belgilanadi.
  7. Qatorlar va ustunlar soni toʻgʻri tanlangach, sichqonchaning chap tugmasi bosiladi.

Jadval ichiga matn yozish

  1. Qaysi katakka ma’lumot kiritish istalsa, u tanlanadi.
  2. Endi terilgan matn katak ichiga yoziladi.
  3. Kiritilgan matn uzunroq boʻlsa, katak avtomatik tarzda moslashib, hajmini oʻzgartiradi.

Jadvalga qo‘shimcha ustun qo‘shish

  1. Jadvalning ustun qoʻshiladigan qismi yonidagi katak ichiga bosiladi.
  2. Katakning chap yoki oʻng tomoniga ustun qoʻshish mumkin.
  3. Layout menyusidan Insert Left yoki Insert Right tugmasi bosiladi.

Jadvalga qo‘shimcha qator qo‘shish

  1. Jadvalning qator qoʻshiladigan qismi yonidagi katak ichiga bosiladi.
  2. Katakning tepasiga yoki pastiga qator qoʻshish mumkin.
  3. Layout menyusining Insert Above yoki Insert Below tugmasi bosiladi.

⸎ 4.1-mashg‘ulot

My_Newsletter.docx hujjatingizni oching. Sahifa davomidan ikkita ustun va toʻrtta qatorli jadval yarating. Quyidagi sarlavhalarni yuqori qatoriga yozing:

  • “Tadbir”
  • “Sana”

Quyidagi uchta tadbirni jadvalga kiriting:

  • Sport kuni, 1-iyun.
  • “Maktab oqshomi” bayrami, 25-iyun.
  • Tabiat qoʻynida dam olish kuni, 5-iyul.

⸎ 4.2-mashg‘ulot

Jadval oxiriga qoʻshimcha ustun qoʻshing va “Xarajat” sarlavhasini yozing.

Quyidagi ma’lumotlarni qatorlarga kiriting.

  • Kirish — bepul.
  • Kirish — 5000 soʻm.
  • Har bir kishi uchun 4000 soʻm.

⸎ 4.3-mashg‘ulot

Jadval tagiga qator qoʻshing. Quyidagi tadbirni kiriting: “Maktab yozgi xayriya tadbiri, 10-iyul, har bir kishi uchun 5 000 soʻm”.